Yangiliklar

2025-01-09

SAVOLLARGA JAVOBLAR

topics-img

Biologik faol qo‘shimchalar (BFQ/BAD) to‘g‘risida aholini qiziqtirgan savollarga javob olish uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Sanitariya-epidemiologiya tizimida ruxsatnoma berish bo‘limi boshlig‘i Shavkat Aripov bilan suhbatlashdik.

- Aytingchi biologik faol qo‘shimchalar, aholi o‘rtasida ko‘pincha BADlar deb ataladigan preparatlar qanday mahsulotlar turiga kiradi?

O‘zbekiston Respublikasining 1997 yil 30 avgustdagi «Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida»gi Qonunning 2-moddasida BFQ/BADlar quyidagicha ta’riflangan:

Biologik faol qo‘shimchalar — oziq-ovqat xom- ashyosini qayta ishlash yo‘li bilan yoki sun’iy usulda hosil qilingan hamda bevosita ovqat bilan birga iste’mol qilishga yoki oziq-ovqat mahsulotlari tarkibiga qo‘shishga mo‘ljallangan tabiiy yoxud tabiiyga aynan o‘xshaydigan biologik faol qo‘shimchalarning konsentratlari hisoblanadi.

- BFQlarga ruxsatnomalar qanday tartibda beriladi?

Respublika hududiga yangi biologik faol qo‘shimchalarni (BFQ/BAD) chetdan olib kirish hamda ishlab chiqarishga ruxsatnomalarni rasmiylashtirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 30 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologiya xizmati tizimida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi 131-sonli qarori talablariga muvofiq amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 18- dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kirtish to‘g‘risida” gi 847-sonli qarori qabul qilinishi munosabati bilan, joriy yilning mart oyidan boshlab maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari to‘g‘risidagi yagona nizom bilan tasdiqlanayotgan maxsus kiritiladigan biologik aktiv moddalarni olib kirish hamda ishlab chiqarish uchun ruxsatnoma pasportiga asosan jismoniy va yuridik shaxslarga ruxsatnoma berish tizmi joriy etiladi. Bunda tadbirkorlik subektlariga ruxsatnoma berish muddati qisqaradi (46-kundan 15 kunga), bundan tashqari ruxsatnoma pullik asosida, BXMning 3 barobari miqdorida amalga oshiriladi.

- Ijtimoiy tarmoqlar orqali sotilayotgan BFQlar haqidagi reklamalar qanchalik ishonchli?

OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali turli yolg‘on va aldovlar bilan, masalan: bizning mahsulot zo‘r davolaydi, 3 oyda foydasini sezasiz agar mahsulot foyda bermasa pulingizni qaytaramiz kabi aholini chalg‘ituvchi yo‘llar bilan sotilayotgan mahsulotlardan ehtiyot bo‘ling, agar shunday firibgarlik yo‘li bilan sotilgan mahsulotlarga duch kelsangiz “O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi”ga hamda huquq tartibot organlariga murojaat qiling.

- BFQlarni sotib olmoqchi bo‘lganlar nimalarga e’tibor berishlari kerak?

BFQ/BADlarni sotib omoqchi yoki ular haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lishni istagan fuqarolar savdo xodimlari yoki dorixonalar provizorlaridan mahsulotga tegishli bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 30 apreldagi 131-sonli qaroriga muvofiq olingan “Ruxsatnoma”ni talab qilishlari yoki to‘liq ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining rasmiy sanepid.uz veb saytidagi ochiq ma’lumotlar bo‘limidan olishlari mumkin.

Sanepidqo‘mita

Axborot xizmati

@sanepidcommittee