Yangiliklar

2024-06-27

SHARAFLI KASB EGALARI E’TIROF ETILDI

topics-img

Mamlakatimizda barcha sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyatini xalqimizga yetkazish, yurtdoshlarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirishda ommaviy axborot vositalari muhim o‘rin tutadi.

Har yili an’anaviy tarzda respublikamizda 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni sifatida keng nishonlanib kelinadi. Shu munosabat bilan joylarda tashkil etilayotgan tadbirlarda soha xodimlarining faoliyati alohida e’tirof etilmoqda.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasida ham o‘tkazilgan tadbirga sohada faoliyat yuritayotgan sharafli kasb egalari – bosma, televideniye, radio va elektron ommaviy axborot vositalari xodimlari taklif qilindi.

Tadbirda so‘z olgan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekov yig‘ilganlarni bayram qutlar ekan, mamlakatimiz yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilayotgan, ochiqlik va oshkoralik, so‘z va fikr erkinligi hayotimiz mezoniga aylanib borayotgan hozirgi davrda ommaviy axborot vositalari vakillariga qo‘yilayotgan mas’uliyat yanada kuchayotganini ta’kidladi. Jurnalistlarning hayotning qaynoq nuqtalariga dadil kirib borishi, soha faoliyatlariga bag‘ishlangan lavha, intervyular tayyorlanganiga alohida to‘xtalib, kelgusidagi faoliyatlarida muvaffaqiyat tiladi.

Bayram munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda bir guruh soha xodimlari Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Fursatdan foydalanib, doimo yangilik izlab, yangilikka intilib yashaydigan, jamiyatda yuz berayotgan muhim o‘zgarishlar, ustuvor g‘oya va tashabbuslarning ma’no-mohiyatini aholiga tezkorlik va xolislik bilan yetkazadigan matbuot va ommaviy axborot vositalari vakillarini O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi nomidan muborakbod etamiz.

Sanepidqo`mita

Axborot xizmati

 @sanepidcommittee