Muzqaymoq sut mahsulotidan tayyorlanishi sababli tez o‘zgaruvchanlik xususiyatiga ega va uni sovuq (minus) haroratda saqlash talab etiladi. Shuningdek, muzqaymoq biroz erigach, uni qaytadan muzlatib iste’mol qilish mumkin emas. Negaki, bu jarayonda muzqaymoq erigach, uning tarkibi o‘zgaradi va bakteriyalarni o‘ziga jalb qilib olish xususiyati ortadi.
Bugungi kunda ko‘chada ruxsat etilmagan idishlarda muzqaymoq sotish holatlariga guvoh bo‘lmoqdamiz. Birinchi galda qayd etish kerakki, shu kabi muzqaymoqlar solingan idishlar muzlatgich emas, shu sababli ichidagi mahsulotni yetarli darajada salqin va sifatli tarzda saqlab bera olmaydi.
Ikkinchidan, ushbu mahsulotlar noma’lum sharoitda tayyorlangan va muqim sotish savdo shoxobchasiga ega emas. Aynan ushbu mahsulot qachon, qayerda, qanday sharoitda ishlab chiqarilganligi, uning tarkibi, saqlash muddati va sharoiti to‘g‘risida hech qanday ma’lumot mavjud emas.
Uchinchidan, muzqaymoq solingan idishlarning bugungi kunda sanitariya-gigiyena jihatdan holati mutlaqo talabga javob bermaydi. Ular solingan plastik idishlarni esa kimyoviy usulda zararsizlantirish imkoniyati ham mavjud emas.
To‘rtinchidan, mahsulotni bu sharoitda, ko‘cha-ko‘yda sotish uchun tegishli ruxsatnomalar, sertifikat ham yo‘q. Mahsulotni sotayotgan sotuvchilar maxsus ust-bosh kiyim bilan ta’minlanmagan, shuningdek sotuvchilarning tibbiy ko‘rik daftarlari ham mavjud emas. Talabga ko‘ra maishiy xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar, savdo shoxobchalari va oziq-ovqat mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanadigan xodimlar har olti oyda tibbiy ko‘rikdan o‘tib turishi talab etiladi.
Beshinchidan, muzqaymoq sotuvchisining o‘zi sotayotgan mahsulot sifati va tarkibi to‘g‘risida mutlaqo xabardorligi yo‘q. Sotuvchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tib turmaganligi, mahsulotni sotish jarayonida sanitariya qoidalariga mutlaqo zid ravishda faoliyat olib borayotganligi tufayli iste’molchi ushbu sifati kafolatlanmagan mahsulotni iste’mol qilishi oqibatida zaharlanish ehtimoli yuqori. Undan tashqari yuqumli kasalliklarni tarqalishiga ham zamin yaratiladi.
“Yoshlar” telekanalining “Davr”informatsion dasturi ijodiy guruhi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi Sirdaryo viloyati boshqarmasining Guliston shahar bo‘limi mas'uli hamda Karantin tadbirlarini ta'minlash xodimi hamkorligida navbatdagi reyd tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Ajablanarlisi yo‘l chetida, hech qanday sanitariya talablariga javob bermaydigan sharoitda sotilayotgan muzqaymoqlarga hech bir xaridor qiziqib ham ko‘rmayotganligi.
Sotuvchilarda na maxsus kiyim, na tibbiy daftarcha bor.
Boz ustiga muzqaymoq sotayotgan sotuvchilar yon atrofga chiqindilarni tashlab, ekologiyaga ham zarar yetkazmoqdalar.
Noqonuniy sotilayotgan muzqaymoqlar savdosi to‘xtatilib, mahsulotlar brakeraj qilindi.
Shu o‘rinda fuqarolardan:
➡️ sifati kafolatlanmagan;
➡️ belgilanmagan joyda sotilayotgan;
➡️ soxta tadbirkorlardan;
➡️sanitariya talablariga zid bo`lgan;
➡️quyosh tig‘i ostida turgan mahsulotlarni xarid qilmasliklarini so‘rab qolamiz.
Noma’lum sharoitda tayyorlangan, sifat ko‘rsatkichlari, sanitariya talablariga mutlaqo javob bermaydigan mahsulotlar oshqozon-ichak faoliyatining buzilishi, organizmning zaharlanish holatini yuzaga keltirish ehtimoli mavjud ekanligini unutmang.
Sanepidqo`mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee