Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyugening ma’lum qilishicha har yili JSSTning Yevropa mintaqasida (butun Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha 53 ta a’zo davlat) mavsumiy grippdan 72 mingga yaqin odam vafot etadi, bu global yukning taxminan 20 foizini tashkil qiladi. Ushbu o‘limlarning aksariyatining oldini olish mumkin.
JSST odamlarni respirator viruslardan himoyalanishni kundalik hayotning bir qismiga aylantirishga chaqiradi.
Yaqindagina misli ko‘rilmagan global inqirozga sabab bo‘lgan COVID-19 endi gripp va boshqa respirator viruslar bilan birga kundalik hayotimizga kirib keldi. Shuning uchun o‘zimizni va atrofdagilarni himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar ham kundalik hayotimizning bir qismiga aylanishi kerak.
JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi odamlarni - birinchi navbatda, aholining zaif qatlamlarini ularga tahdid solayotgan xavf-xatarlarni baholashga va respirator viruslardan himoyalanish uchun oddiy choralarni ko‘rishga chaqirgan holda "Sizga qanday xavf-xatarlar tahdid solayotganini o‘zingizdan yaxshiroq hech kim bilmaydi" shiori ostida targ‘ibot kampaniyasini boshladi.
Kampaniya birinchi navbatda individual darajadagi harakatlarni o‘z ichiga oladi, ammo sog‘liqni saqlash organlari aholini himoya qilishda, shu jumladan sog‘liqni saqlash bo‘yicha ma’lumotlar va tavsiyalarni o‘z vaqtida taqdim etish orqali muhim rol o‘ynashi ta’kidlydi.
Kuz-qish mavsumi boshlanishi bilan Yevropa va Markaziy Osiyoda respirator viruslar sirkulyasiyasi faollashdi. Shu sababli hozir sizga qanday xavf tahdid qilayotganini bilish va o‘zingizni va atrofingizdagi zaif odamlarni himoya qilish choralarini ko‘rish ayniqsa muhimdir.
Gripp va COVID-19 har bir inson uchun xavf tug‘diradi, ammo ba’zilarda, masalan, keksa yoshdagilar, homilador ayollar va immuniteti zaiflashgan va surunkali kasalliklarga chalingan odamlarda ular juda og‘ir kechishi mumkin.
JSST 5 ta eng asosiy ehtiyot choralariga amal qilishni tavsiya qiladi:
1. Emlanish — mavsumiy respirator infeksiyalardan himoyalanishning eng maqbul yo‘li.
2. Gripp, O‘RVI, SOVID-19 ga chalinganlar shifokorga murojaat qilishlari va imkon qadar uyda qolib davolanishlari zarur.
3. Jamoat joylarida niqob taqish — sizni xastalikni yuqtirishdan asraydi.
4. Shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilib, qo‘llarning tozaligiga rioya qilish muhim.
5. Xonalarni tez-tez shamollatib turish tavsiya etiladi. Bu viruslarning ko‘payishi va keng tarqalishiga to‘siq bo‘ladi.
Sanepidqo`mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee