Yangiliklar

2024-09-27

SOG‘LOM OVQATLANISH VA SOG‘LOM TURMUSH TARZI TAMOYILLARI

topics-img

2024 yil 24 sentabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ko‘magida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun “Sog‘lom ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi tamoyillari” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad seminar ishtirokchilarini sog‘lom turmush tarzining asosiy tamoyillari bilan yaqindan tanishtirish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish bo‘yicha davlat siyosatini mustahkamlash, aholi orasida sog‘lom ovqatlanish madaniyatini shakllantirish, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari orasida “Sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha yilning eng yaxshi targ‘ibotchisi” tanlovini e’lon qilishdan iborat.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil sentyabrdagi “Sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 156-son hamda «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi to‘g‘risida»gi 158-son Farmonlarida aholi orasida sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini ilgari surish, tamaki va alkogolga qarshi kurashish, aholi orasida barqaror tibbiy madaniyatni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor berilgan.

Nosog‘lom ovqatlanish, yetarlicha bo‘lmagan jismoniy faollik, tamaki va alkogolni iste’mol qilish asosiy yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning yetakchi va oldini olish mumkin bo‘lgan xavf omillari hisoblanadi. Mamlakatning katta aholisi orasida ortiqcha vazn va semirishning tarqalganlik darajasi bugungi kunda 56,4 foizni tashkil etadi, bu esa aholining nosog‘lom ovqatlanish, transyog‘larning organizmga salbiy ta’siri, shakar va tuzni ortiqcha iste’mol qilish, shuningdek yetarlicha bo‘lmagan jismoniy faollik to‘g‘risida past darajadagi xabardorligidan dalolat beradi.

Jamoatchilik fikrini shakllantiruvchi ommaviy axborot vositalarining ko‘magisiz odamlarning o‘z sog‘lig‘iga bo‘lgan munosabati va xulq-atvorini o‘zgartirib bo‘lmaydi. Ommaviy axborot vositalari radio, televideniye va internet orqali ham shaxsning, ham butun jamiyatning dunyoqarashi, qadriyatlari, me’yorlari, ideallari va xulq-atvorini shakllantirishga katta ta’sir ko‘rsatadi.

Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillariga Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tavsiya etilgan sog‘lom ovqatlanishning asosiy tamoyillari haqida ma’lumotlar taqdim etilib, noto‘g‘ri ovqatlanish, yetarlicha bo‘lmagan jismoniy faollik bilan bog‘liq ortiqcha vazn va semirish muammolari tilga olindi.

Seminar ishtirokchilari tamaki va alkogolni iste’mol qilish, ayniqsa yoshlar orasida elektron sigaretalar va qizdiriladigan tamaki mahsulotlarilari chekishning keng tarqalayotganligi hamda ularga qarshi kurashish bo‘yicha davlat tomonidan ko‘rilayotgan qonunchilik choralarini faol muhokama qildilar.

Seminar yakunida O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari vakillari orasida «Sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha yilning eng yaxshi targ‘ibotchisi» mavzusida ijodiy ishlar tanlovi e’lon qilindi va tanlovning o‘tkazish shartlari bilan tanishtirildi.

Ijodiy ishlarni yig‘ish 2024 yil 25 sentyabrdan 10 noyabrgacha amalga oshiriladi. Tanlov shartlari bilan Sog‘liqni saqlash va strategik rivojlanish institutining veb-sayti sttm.uz; @stt_markazi  va ijtimoiy tarmoqlarida Sog’lom_Hayot.uzb — Telegramda, tanishish mumkin.

Sanepidqo`mita

Axborot xizmati

 @sanepidcommittee