O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik
sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda litsenziyalash va ruxsat
berish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmoni qabul qilindi. (PF–8-son, 09.01.2024-y.).
Farmonga ko‘ra, 2024-yil 1-martdan
litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning 22
turi bekor qilinadi.
Shuningdek,
2024-yil 1-martdan:
litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish
tartib-taomillari sohasidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun yuridik
shaxslarga qo‘llanilgan jarima summasi miqdorining 50 foizi 15 kun ichida, 70
foizi 30 kun ichida ixtiyoriy ravishda to‘langanda, huquqbuzar jarimaning
qolgan qismini to‘lashdan ozod etiladi;
litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega
hujjatni berish jarayonida video aloqa vositalari yordamida talabgorlarning
litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar talab va shartlariga
muvofiqligini masofadan turib baholash tartibi joriy etiladi;
tadbirkorlik subyektini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish
yoki qayta ro'yxatdan o‘tkazishda uning pochta manzili sifatida muassisning
turar joyini ko‘rsatishga ruxsat beriladi.
Turoperatorlar uchun favqulodda holatlar yuzaga
kelganda xavfni majburiy sug‘urta qilish tartibini joriy qilish orqali “chiqish
turizmi” yo‘nalishi bo‘yicha turizm faoliyatini amalga oshirish uchun 15 ming
AQSH dollari ekvivalenti miqdoridagi mablag‘larni Xavfsiz turizm jamg‘armasiga
zaxira qilib qo‘yish bekor qilinadi.
2024-yil 1-martdan 2025-yil 1-yanvargacha huquqiy
eksperiment tariqasida rentgen uskunasidan foydalanish va veterinariya
laboratoriya-diagnostika ishlarini amalga oshirish faoliyatlarini boshlash
uchun uch oygacha o‘tish va moslashish davrini belgilaydigan “Biznesga
litsenziyasiz kirish” maxsus rejimi joriy etiladi.
Sanepidqo`mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee