Yangiliklar

2024-09-19

TIBBIYOT XODIMI FAOLIYATIGA TO‘SQINLIK QILGANLIK UCHUN MA’MURIY JAVOBGARLIK BELGILANGAN

topics-img

O‘zbekiston Respublikasining “Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun.

Bugungi kunda davlat sog‘liqni saqlash tizimida uchrab turgan noxush holatlardan biri bu bemorlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan tibbiyot xodimlariga g‘ayriqonuniy ravishda tajovuz qilinishi holatlariga chek qo‘yilmayotganligidir. Juda ko‘p hollarda hech qanday aybi bo‘lmasada, bemorning sog‘lig‘ining yomonlashishida yoki o‘limida hech bir sababsiz shifokorni ayblash va unga tajovuz qilish holatlari tez-tez yuz bermoqda.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2018-2021-yillarda respublikada 470 dan ortiq holatda tibbiyot xodimlariga nisbatan turli shakldagi tajovuzlar qilingan.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, amaldagi jinoyat va ma’muriy huquqbuzarlikka oid qonunchilikda xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuz qilish, ularning tibbiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyatiga aralashganlik, xususan tibbiyot xodimlariga noqonuniy topshiriqlar berganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri javobgarlik belgilanmagan. Natijada, aybdor shaxslarning harakatlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksidagi tegishli moddalarning yengilroq jazo nazarda tutilgan moddalari bilan baholanib, tegishli jazo tayinlangan.

Biroq, qonunchilikdagi ushbu normalar bu kabi huquqbuzarliklarni oldini olish, aybdor shaxslarga nisbatan qilmishiga yarasha jazo belgilash uchun yetarli emasligi sababli, qonun qabul qilish zaruriyati yuzaga kelgan.

O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 27-martdagi O‘RQ-827-son Qonuni bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi yangi 1977-modda bilan to‘ldirilib, unga ko‘ra tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.

Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga qonunga xilof ravishda har qanday shaklda ta’sir o‘tkazish:

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha,

mansabdor shaxslarga esa yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

 

Sanepidqo‘mita

Axborot xizmati