“To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston
Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston
Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar
kiritish haqida”gi (22.02.2024-y.,
O‘RQ–911-son) Qonun mazmun-mohiyatini
yoritishga qaratilgan
ANNOTATSIYA
Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O‘RQ-911-son,
22.02.2024 y.) bilan ayrim qonun hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar
kiritildi.
Qonun bilan Fuqarolik kodeksiga
kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, jismoniy shaxs pul majburiyatlari bo‘yicha
kreditorlarning talablarini to‘la hajmda qanoatlantirishga yoki soliqlar hamda
yig‘imlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga
qodir bo‘lmasa, sud tomonidan to‘lovga
qobiliyatsiz deb topilishi mumkin.
Soliq kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, to‘lovga qobiliyatsizlik
to‘g‘risidagi ish bo‘yicha sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv jarayonida
yuzaga keladigan barcha turdagi joriy soliq to‘lovlarini to‘lash, sud ajrimi asosida joriy etilgan sud
sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv tartib-taomilining muddatida to‘xtatib
turiladi (bundan mehnat shartnomalari
(kontraktlari) va fuqarolik-huquqiy xususiyatdagi shartnomalar bo‘yicha olingan
daromadlar solig‘i, shuningdek ijtimoiy soliq mustasno).
Bu holda sud sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining yoki tashqi boshqaruvchining
hisobotini tasdiqlagan va to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish yuritishni
tugatish haqida ajrim chiqargan sanadan e’tiboran mazkur soliq qarzlari 6 oy ichida
teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lanadi.
Shuningdek, bankrot deb topilgan qarzdor yuridik va jismoniy
shaxslarning yoki yakka tartibdagi tadbirkorning mol-mulkini sotishdan tushgan
mablag‘larining qarzni to‘lashga yo‘naltirilgan qismi daromad sifatida hisobga olinmasligi
belgilandi.
“Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimchaga
ko‘ra, sud boshqaruvchisi to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish jarayonida
o‘z huquq va majburiyatlarini amalga oshirishi uchun da’vo arizalar hamda
boshqa arizalar bilan davlat bojini to‘lamasdan sudga murojaat qilishi mumkin
bo‘ldi.
Asos: O‘zbekiston Respublikasining
O‘RQ–911-son
Qonuni, 22.02.2024-y.
Sanepidqo`mita
Axborot xizmati
@sanepidcommittee