Yangiliklar

2024-09-16

XALQARO HAMKORLIK

topics-img

Bugun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʼmitasida Respublika OITSga qarshi kurashish markazi rahbariyati, Global jamgʼarmaning loyihalar boʼyicha rahbari Mark Edington, Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa boʼyicha hududiy menejer Dumitru Laticevschi hamda Global jamgʼarma vakillari Alexey Bobrik, Tetiana Saluik, Vira Zemlyaska va Liudmila Shkirko ishtirokida uchrashuv boʼlib oʼtdi.

Uchrashuvdan koʼzlangan asosiy maqsad “Oʼzbekiston Respublikasida 90-90-90 va STOP sil kasalligi, ayniqsa, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga yoʼnaltirilgan maqsadlarga erishish boʼyicha faoliyatni kuchaytirish” loyihasi doirasidagi amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qilish. Shuningdek, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida migratsiya sharoitida pandemiyaga tayyorgarlik, sil va OITSga qarshi kurashish boʼyicha yigʼilishda ishtirok etish, Respublika OITSga qarshi kurashish markazining sil va OIV infeksiyasi boʼyicha loyiha faoliyatini monitoring qilish hamda loyihani moliyalashtirishning yangi davrini imzolashga tayyorgarlik koʼrish koʼzlangan.

Global jamgʼarma delegatsiyasining tashrifi doirasida:

Loyiha ijrochilari, hamkorlar, shuningdek, manfaatdor tomonlar bilan qoʼshma uchrashuvlar oʼtkazish rejalashtirilgan. Tashrif doirasida milliy va xalqaro hamkor tashkilotlar vakillari bilan uchrashuv, Toshkent shahridagi “Ishonch xona” faoliyati va “Istiqbolli avlod” NNT xodimlari faoliyati bilan tanishish rejalashtirilgan.

Ertaga Global jamgʼarma delegatsiyasi Respublika ixtisoslashtirilgan Ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy amaliy markazi, Respublika va Toshkent shahar OITSga qarshi kurashish markazlari faoliyati bilan tanishadi.

18-sentabr kuni Sogʼliqni saqlash vaziri А.Xudayarov bilan uchrashuv, USAID va JIEM departamenti vakillari bilan hamkorlik masalalarida uchrashuvlar rejalashtirilgan.

Delegatsiyaning keyingi muzokaralari va istiqboldagi rejalar yuzasidan uchrashuvlar 19-20-sentabr kunlari Samarqand viloyatida davom etadi.

 

Sanepidqo`mita

Axborot xizmati