Yangiliklar

2023-08-18

XАVOTIRGА OʼRIN YOʼQ

topics-img

2023-yilning 14-avgustida Xitoy va Moʼgʼilistonda, har ikkala davlatda 3 tadan bubonli oʼlat kasalligi aniqlandi. Oʼlat eng dahshatli kasalliklardan biri hisoblanib, butun insoniyat tarixida yuz bergan uchta oʼlat pandemiyasi yuzlab million odamlar hayotiga zomin boʼlgan.

Oʼlat – tabiiy oʼchoqli zoonoz kasalliklar guruhiga mansub infektsiya boʼlib oʼta xavfli yuqumli kasallik hisoblanadi. Oʼlat, odatda tabiiy oʼchoqdagi kasallik mikrobini yuqtirib olgan kemiruvchilar orasida tarqaladi. Kasal kemiruvchidan kasallik mikrobini sogʼlom kemiruvchiga burgalar va kanalar chaqishi orqali yuqadi. Kasallikni yovvoyi hayvonlar orasida keng tarqalishi epizootiya jarayoni deb ataladi. Epizootiya kechayotgan xududlarda muntazam yashaydigan mahalliy aholi yoki mavsumiy ishlaydigan odamlarga kasallik burga va kanalar chaqishi orqali yuqadi. Bunda asosan oʼlatning bubonli shakli (bubon – oʼlat mikrobi zararlagan va shishgan limfa tuguni) kuzatiladi. Bubon shaklidagi oʼlat hozirda 95-98 foizni tashkil qiladi. Kasallik vaqtida aniqlanib zamonaviy davolash choralari oʼz vaqtida oʼtkazilganda deyarli barcha hollarda kasallanganlar tuzalib ketadi.

Аgar oʼlat mikrobi havo orqali yuqsa oʼpka shakli, ogʼizdan yuqsa oshqozon-ichak shaklida kechadi. Shaklidan qat’iy nazar vaqtida davolanmagan bemorlarda mikrobni qonda koʼpayishi orqali sepsis shaklida ogʼir kechib oʼlimga sabab boʼladi.

Kasallik ogʼir intoksikatsiya sindromi, isitma, terining, limfa tugunlarining, oʼpkaning shikastlanishi, septik holat bilan tavsiflanadi. Oʼzbekistonda mavjud tabiiy oʼchoqlarda epiootiyalarni vaqtida aniqlab ularni epidemiyaga aylanib ketmasligini oldini olish bilan muntazam tizimli ravishda shugʼullanadigan oʼlatga qarshi tizim muassasalari mavjud boʼlib ular oʼchoqlar faollashgan paytlarda kerakli profilaktik tadbirlar olib boriladi.

Kasallikni havo yoʼllari va quruqlikdagi yoʼllar orqali chet ellardan kirib kelishini oldini olish maqsadida 50dan ortiq chegara kesib oʼtish joylarida kechayu-kunduz faoliyatdagi sanitariya-karantin punktlari tashkil etilgan.

Yuqoridagilarni hisobga olib bizda hech qanday xavotirga oʼrin yoʼq.

Sanepidqoʼmita

Аxborot xizmati

@sanepidcommittee